QATOR QULAYLIKLARGA EGA QABULXONA

Mustaqillikning ilk damlaridanoq mamlakatni bosqichma-bosqich isloh qilish, modernizatsiyalash, olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini barpo etish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Qonunchilik bazasini mustahkamlash, jamiyat hayotini liberallashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklari sohasida zarur kafolatlarni talab darajasida ta`minlash, davlat qurilishini demokratlashtirish bo’yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Qonun ustuvorligi ta`minlangan jamiyatda fuqarolar murojaati e`tiborsiz qoldirilmasligi davlat ravnaqining asosi bo’lib xizmat qilishi tarixdan ma`lum. SHu nuqtai nazardan, mamlakatimizda bu borada hukumat tomonidan barcha huquqiy asoslar yaratilgan.

Xususan, islohotlar zamirida inson omili, uning huquq va erkinligining himoyasi yotganligining, uning amalda qo’llanilayotganligi va kafolatlanganligining yaqqol tasdig`i bo’lgan Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to’g`risida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Ya`ni, Respublikamizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini samarador bo’lgan yangi tizimga olib chiqdi.

Xususan, inson, uning hayoti, sha`ni, qadr-qimmati va boshqa huquq hamda erkinliklari muqaddas sanalishi kabi ezgu g`oyaning mantiqiy davomi sifatida mazkur farmonga asosan mamlakatimizda “Xalq qabulxonalari”ning faoliyati yo’lga qo’yildi. Jamiyatimizda yangi bo’lgan, umuman hali uncha-muncha rivojlangan davlatlarda tushunchadan yiroq bo’lgan bu institut yurtimizda adolat ustuvorligini ta`minlash, fuqarolarning ertangi kunga bo’lgan ishonchini mustahkamlashda lokomativ vazifasini o’tamoqda.

Inchinun, “Xalq qabulxonasi” fuqarolarimiz hayotida uchrashi mumkin bo’lgan muammolarni bartaraf etish, o’zi, oilasi va Vatan ravnaqi uchun zarur, deb bilgan takliflar bilan murojaat etish imkonini bermoqda. Bu kabi sa`y-harakatlar, xalq ichidagi dolzarb muammolarning joyida bartaraf etilishi natijasida Respublika miqyosida arizabozliklar kamayib bormoqda.

Albatta, bu kabi xalqchil siyosat va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan jarayonlar ichki ishlar organlari, xususan  jazoni ijro etish tizimini ham chetlab o’tgani yo’q.

Ya`ni, o’tgan davr mobaynida ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarning jazo muddatini o’tashi uchun qulay muhit yaratish, qonunchilikda belgilangan huquq va manfaatlarini to’liq ta`minlash, muassasalarga uchrashuv yoxud turli masalalarda rahbariyat qabuliga kirish uchun tashrif buyurayotgan yaqin qarindoshlariga zarur shart-sharoit va keng imkoniyatlar yaratish borasida bir qator qurilish bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, joriy yilning o’tgan davri mobaynida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi hamda tizim muassasalarida fuqarolar qabulxonasiga kelayotganlarning murojaat va shikoyatlarini tinglab, sohaga oid savollariga shu erning o’zida javob qaytarish, muammolarini joyida bartaraf etish borasida qator islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, xodimlarning ishini sezilarli darajada engillatish, odamlarga qulayliklar yaratish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va bir qator muassasalarning fuqarolar qabulxonasi bugungi kun talablari asosida qayta qurildi, ba`zilari kapital ta`mirlanib, ayrimlari qayta rekonstruktsiya qilindi.

Yaqinda Mahkumlarga mo’ljallangan ixtisoslashgan kasalxonada fuqarolarni qabul qilish binosi yangidan qurilib foydalanishga topshirilganligi yuqoridagi fikrlarimizning isboti, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.

Muassasa rahbariyati va shaxsiy tarkibining o’zaro hamjihatligi asosida qisqa muddatlarda qurilib foydalanishga topshirilgan mazkur qabulxona “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g`risida”gi qonun va Ichki ishlar vazirligining tegishli buyrug`i talablari asosida jihozlangan bo’lib, ko’plab innovatsion texnologiyalar joriy etilgan. Misol uchun, avvallari kasalxona qabulxonasining kutish zaliga zaruriy ma`lumotlar bannerlar shaklida tayyorlanib joylashtirilgan bo’lsa, endilikda kutish zaliga telemonitor o’rnatilib, u orqali eng ko’p beriladigan savollarga javoblar, muassasa hamda Bosh boshqarma rahbariyatining qabul kunlari, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati slaydlar shaklida namoyish etib borilishi yo’lga qo’yilgan.

Yangidan foydalanishga topshirilgan ushbu qabulxonaning oldingisidan farqli jihatlariga yanada kengroq to’xtaladigan bo’lsak, qabulxonada murojaatlar turlariga qarab alohida bo’limlar, ya`ni maxsus bo’lim, devonxona, dori-darmon ariza hamda uzatma va yo’qlovlar qabul qilish uchun alohida joylar tashkil etilgan bo’lib, har bir xonaga biriktirilgan mas`ul xodimlar qabul vaqti davomida fuqarolarning murojaatiga o’rnatilgan tartibda javob qaytarish, muammolarini ijobiy hal etish bilan band bo’lishadi.

Har bir xona zamonaviy mebel va konditsionerlar bilan jihozlangan, eng asosiysi qabulga imkoniyati cheklangan fuqarolar hamda yosh bolali ayollar ham tashrif buyurishi mumkinligi inobatga olinib, qabulxonaga kirish uchun alohida yo’lak, ona va bola xonasi ham tashkil etilganligini alohida e`tirof etish joiz.

Qolaversa, qabulga kelayotganlar uchun mo’ljallangan shinam kutish zalida arizalarning o’zbek va rus tillaridagi namunalari bilan to’liq ta`minlangan maxsus stollar, etarlicha miqdordagi o’rindiqlar mavjud.  Muassasa rahbariyati qabulxonasi hamda kutish zalida ham aynan ana shunday imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilgan bo’lib, huquqiy adabiyotlar burchagi eng so’nggi adabiyotlar bilan boyitilgan.

Sirasini aytganda, mazkur qabulxonada kasalxonaga tashrif buyurayotgan fuqarolar bilan to’g`ridan-to’g`ri muloqotni tashkil etish, ularning murojaatlarini to’liq, xolis va o’z vaqtida ko’rib chiqilishini ta`minlash uchun zarur bo’ladigan har bir jihat e`tiborga olingan.

Qabulxonaning ochilish marosimida ishtirok etib, yangi binoga birinchilardan bo’lib tashrif buyurganlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular yaratilgan bu kabi qulayliklar uchun o’z minnatdorchiligini bildirish barobarida, fuqarolarning ovoragarchiliklariga chek qo’yish va qimmatli vaqtini yo’qotishining oldini olish maqsadida tashrifining mazmunidan kelib chiqqan holda murojaat qilishi uchun alohida bo’limlar tashkil etilganligini yuksak baholashdi.