Sayt test rejimida ishlayapti! Sayt test rejimida ishlayapti! Sayt test rejimida ishlayapti!

ISLOHOTLAR IZCHIL DAVOM ETTIRILMOQDA

Har bir mamlakatning kuch-qudrati, jahon miqyosidagi nufuzi, obro’-e`tibori, eng avvalo, shu yurtda odamlar qanday hayot kechirayotganligiga qarab belgilanadi. Zero, bugungi kunda davlat va jamiyatning taraqqiyot ko’rsatkichi inson va uning manfaatlari, turmush darajasiga berilayotgan e`tibor, shu yo’ldagi sa`y-harakatlar bilan o’lchanishi barchamizga ayon.

Shu ma`noda bugun mamlakatimizda davlat va jamiyatni rivojlantirish, yurtimiz obro’-e`tiborini yanada yuksaltirish, xalqimiz turmush darajasini oshirish borasida tom ma`nodagi yangilanish va rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Ayniqsa, sud-huquq sohasiga oid islohotlar jadallashib, davlatimiz rahbarining tashabbusi va alohida nazorati doirasida amalga oshirilmoqda.

Birgina misol, o’tgan davr mobaynida O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish bosh boshqarmasi va uning tasarrufidagi tizim muassasalari faoliyatiga oid ko’plab me`yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularning tub negizida bilib bilmay jinoyat sodir etgan shaxslarning qonunchilikda belgilangan huquq va manfaatlarini to’liq ta`minlash, jazo muddatini o’tashi uchun qulay muhit yaratish alohida o’rin tutdi.

Ushbu fikrlarning amaldagi isbotini jazoni ijro etish joylarida jazo muddatini o’tayotgan shaxslarga jazo o’tashi uchun qulay shart-sharoit yaratish, jazolovchi tizim degan eskicha qarashdan voz kechgan holda qayta tarbiyalash maskani sifatida, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va an`analariga hurmat munosabatini shakllantirish borasida amalga oshirilib kelinayotgan islohotlarda ko’rishimiz mumkin.

Xususan, joriy yilning may oyida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi rahbariyati tashabbusi va takliflari asosida tayyorlangan yangi namunadagi yozgi kiyim boshlari tajriba-sinov o’tkazish uchun kuni kecha Chirchiq shahrida joylashgan muassasada jazo muddatini o’tayotgan mahkumlarga topshirildi.

Mazkur yangi ko’rinishdagi maxsus kiyim boshning rangi va bichimini tanlash jarayonida, xalqaro tajribalar o’rganib chiqildi. Kiyib yurishga qulayligi, rangining inson kayfiyati, ongi va eng asosiysi xulq-atvoriga ta`siriga alohida e`tibor qaratildi. Albatta, mamlakatimiz iqlim sharoitiga mosligi va boshqa mayda detallari ham e`tibordan chetda qolmadi.

Joriy yilning sentyabr oyi yakuniga qadar sinovdan o’tkazilishi rejalashtirilgan yangi namunadagi kiyim-bosh bo’yicha tajribaning sofligini ta`minlash maqsadida nafaqat muassasa mas`ul xodimlari, balki  maxsus kontingent hamda ularning yaqinlari tomonidan kelib tushgan taklif hamda bildirilgan fikr-mulohazalarga ham alohida e`tibor qaratilishi belgilab qo’yilgan.

Ular tomonidan bildirilgan fikrlar umumlashtirilib, sinov davrida mazkur yangi namunadagi kiyim belgilangan talablarga to’liq javob beradigan bo’lsa 2019 yildan boshlab barcha tizim muassasalariga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Agar mazkur tajriba-sinov tariqasida qo’llanilayotgan yangi namunadagi kiyim boshning rangi, bichimi yuzasidan sizda ham o’z taklif yoki fikr-mulohazalaringiz bo’lsa saytimizning “jamoatchilik fikri” bo’limida yozib qoldirishingiz mumkin.